Bugun, 13-dekabr kuni “Milliy matbuot markazi”da "Mikrokreditbank" ATB tomonidan olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari" mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. 

Ushbu tadbirni “Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari A.Xamidov ochib, bank tomonidan olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash hamda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda Mikrokreditbank oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. 

Shu maqsadda xalqaro “PriceWaterhouseCoopers” (PWS) konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mikrokreditbank”ning 2022-2025-yillarda rivojlantirish strategiyasi” va transformatsiya “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq 6 ta ustuvor yoʻnalishdagi 33 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 

Mijozlar uchun qulay va tezkor xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida bank filiallarini ixcham bank xizmatlari markazlari va ofislariga aylantirish ishlari olib borildi. Hozirda hududlarda bankning 136 ta xizmat koʻrsatish markazlari va ofislari hamda 437 ta 24/7 shoxobchalari orqali aholiga uzluksiz bank xizmatlari koʻrsatilmoqda.  

2023-yil 1-dekabr holatiga 1 mln. 470 ming nafar jismoniy shaxsga va 251 ming 532 ta yuridik shaxsga, yaʼni jami 1 mln. 722 ming nafar mijozga xizmat koʻrsatilmoqda. 

Oʻtgan davrda 8 ta loyiha “BIG4” xalqaro konsalting kompaniyalari bilan amalga oshirildi. 

Jumladan, joriy yil yakuniga qadar “Ernst & Young” kompaniyasi bilan risk menejment tizimini takomillashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi. 

Shuningdek, “Deloitte & Touche” kompaniyasi bilan Tavakkalchilikka asoslangan ichki audit, Korrupsiyaga qarshi nazorat, Ichki nazorat va sanksiyaviy komplaens tizimlarini takomillashtirish ishlarini tugatish maqsad qilingan. 

Bankda KPI tizimi joriy qilinib, Bosh ofis va filial xodimlarini individual koʻrsatkichlar asosida ragʻbatlantirish amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida mijozlarga yangi zamonaviy va raqobatbardosh Mavrid mobil ilovasi taqdim etildi. Ilova orqali 36 tadan ortiq onlayn xizmatlardan foydalanish mumkin boʻlib, bugungi kunda 418 mingdan ziyod mijozlar undan foydalanmoqda.

Bank Call – markazi zamonaviy dastur bilan taʼminlandi. Soft collection kreditlarni undiruv tizimi yoʻlga qoʻyildi, kredit qarzdorliklarni undirish boʻyicha avtomat chiquvchi qoʻngʻiroqlar amalga oshirish IVR dasturi joriy qilindi. 

CRM, Skoring, BPM tizimlari amaliyotga tatbiq qilindi. 

Bankda anderrayting tizimi joriy qilinib, jismoniy shaxslarga barcha kreditlar skoring tizimi orqali ajratilmoqda. Yuridik shaxslar uchun 24 turdagi modulli kreditlar joriy qilindi.

Bankning ixtiyoriy Xizmat koʻrsatish markazlaridan turib oʻz hisob raqamlarini erkin tasarruf etish kabi qator qulayliklar yaratish maqsadida bank boʻlinmalari “Yagona MFO” tizimiga oʻtkazildi.

Matbuot anjumanida 2024-yilda bank tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar haqida ham atroflicha maʼlumotlar berildi. 

Jumladan, yangi joriy qilingan mobil ilovaning imkoniyatlarini kengaytirish, KPI tizimini avtomatlashtirish, mijozlar ehtiyojlari va shikoyatlarini onlayn tarzda toʻplash, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish uchun situatsion markaz tashkil qilish, kredit konveyerini yuridik shaxslar uchun toʻliq joriy qilish boʻyicha gapirib oʻtildi. 

Matbuot anjumani davomida “Mikrokreditbank” ATB masʼul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi. 

Bank Axborot xizmati