Joriy yilning 18-yanvar kuni bank Axborot xizmati rahbari S.Ochilov ishtirokida "Mikrokreditbank" ATB tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar” mavzusida brifing tashkil etildi. 

Mikrokreditbank tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar toʻgʻrisida maʼlumotlar:

Bankimiz 2023-yilda quyidagi ijobiy koʻrsatkichlarga erishildi. 
Jumladan: bank kapitali qariyb 4 trln.soʻmga; 
umumiy aktivlar 12 foizga oshib, 19 trln.soʻmga; 
kredit portfeli 1,5 trln.soʻmga oshishiga erishildi;
bankdagi umumiy depozitlar qoldigʻi 6,3 trln.soʻmga yetgan holda 2023-yilda 900,0 mlrd.soʻmlik qoʻshimcha mablagʻ jalb qilindi.

Hisobot davrida bank tomonidan, AQSH, Yevropa, Yaponiya, Saudiya Arabistoni hamda Jahon banki guruhiga kiruvchi moliya institutlari bilan tuzilgan 12 ta shartnomaga asosan 250,2 mln. AQSH dollar mablagʻlari jalb qilindi. 

Ushbu resurslar hamda barcha moliyalashtirish manbalari boʻyicha oʻtgan yilda 184 427 nafar mijozga 5,1 trln.soʻm kredit ajratilib, qariyb 100 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Bankka biriktirilgan parrandachilik sohasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 152 mlrd. soʻm kreditlar ajratilib 279 ta parrandachilik korxonalari (yillik 1 571 mln.dona tuxum, 68 367 tonna goʻsht, 241 460 tonna ozuqa-yem mahsulotlari ishlab chiqarish quvati yaratildi, 1 305 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi) faoliyatining uzluksizligi taʼminlandi. 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hisobot davrida 1,7 trln.soʻm kreditlar ajratilib, 91 903 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. 

Ushbu kreditlar hisobiga: 
20 211  nafar yoshlar;
21 200  nafar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish;
37 430  nafar fuqarolarning oʻzini-oʻzi band qilish;
9 164  nafar ijtimoiy daftarlardagi aholining bandligi taʼminlandi;

Umumiy hisobda bankning moliyaviy koʻmagi hisobiga 2023-yilda 10 942 ta yangi tadbirkorlik subyektlari paydo boʻldi.

Bankda kreditlar ajratish bilan birga, avval ajratilgan kreditlarning qaytarilishiga ham alohida eʼtibor qaratildi. 

Xususan, 2023-yilda qaytarilishi lozim boʻlgan 4,4 trln. soʻm kredit toʻlovlari undirildi, shundan 1,6 trln. soʻmi oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5088 sonli qarori doirasida yoshlarning tadbirkorlik faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-2023-yillarda 75 nafar yosh tadbirkorlarning loyihalariga 37,2 mlrd.soʻm va 3,5 mln.dollar kreditlar ajratilib, 730 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. 

Bankni transformatsiya qilish natijasida 2023-yilda xizmat nuqtalari soni 574 taga, xizmat turlari soni 102 taga, bankomatlar soni 829 taga yetkazilib, elektron navbat tizimi qamrovi 98 foizga oshirilishi natijasida bankimiz tomonidan yil davomida 2 mln.dan ortiq mijozlarga xizmat koʻrsatildi. 

Shuningdek:
jismoniy shaxslarga masofaviy xizmatlar koʻrsatish hajmi keskin oshirildi;
kreditlash tizimi avtomatlashtirilib, kredit ajratish jarayonida inson omili ishtiroki kamaytirildi, avtomatlashtirilgan kreditlar turi hamda soni ortgan;
bankda nazorat bloki, moliyaviy boshqaruv hamda risklarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, “Green banking” yoʻnalishi joriy qilindi, KPI ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi, aloqa markazida konsalting xizmatlari joriy qilindi;
jismoniy shaxslar uchun “Mavrid” yangi mobil ilovasi, mijozbay ishlash uchun CRM, skoring, kredit konveeri tizimlari joriy qilindi, hududiy boʻlinmalar Yagona MFOga oʻtkazildi.

Bankda amalga oshirilgan raqamlashtirish hamda transformatsiya chora-tadbirlarida inson omilisiz bank xizmatlaridan onlayn foydalanuvchi jismoniy shaxslar ulushi 56 foizga, tadbirkorlar ulushi 77 foizga oshdi hamda onlayn tranzaksiyalar hajmi 1,1 trln. soʻmga yetdi.

Mikrokreditbank kelgusida ham aholiga va tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy, sifatli bank xizmatlarini doimiy ravishda koʻrstalishini taʼminlaydi.